Logged in as Гость Group "Guests"
RSS

EE811E

ob havo


 O'QUV ISHLARI 
 
ZAMONAVIY PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALAR SHARHI
 1. Fikrlar hujumi Bevosita jamoa bo‘lib «Fikrlar hujumi» («Mozgovaya ataka») olib borish. Bu metoddan maqsad mumkin qadar katta miqdordagi g‘oyalarni yig‘ish, talabalarni ayni bir xil fikrlash inersiyasidan holi qilish, ijodiy vazifalarni yechish jarayonida dastlab paydo bo‘lgan fikrlarni yengishdir. Bu metod A.F.Osborn tomonidan tavsiya etilgan. Bu metodning asosiy tamoyili va qoidasi bahs ishtirokchilari ishlab chiqqan g‘oyalar tanqidini mutlaq taqiqlash, har qanday luqma va hazil-mutoibani rag‘batlantirishdir. Bu metoddan foydalanishning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi – mashg‘ulot rahbariga bog‘liq. «Fikrlar hujumi» ishtirokchilari miqdori 15 kishidan oshmasligi kerak. Mashg‘ulotning davomiyligi bir soatgacha. Yalpi «Fikrlar hujumi». Bu metod J.Donald Filips tomonidan ishlab chiqilgan. U katta guruhlarda (20 dan 20 tagacha bo‘lgan) yangi g‘oyalar ishlab chiqish samaradorligini sezilarli darajada oshirishni ta’minlaydi. Barcha ishtirokchilar kichik-kichik 5-6 kishidan iborat guruhlarga bo‘linadi va har bir kichik guruh hal qilinadigan ijodiy vazifa va muammo bo‘yicha 15 daqiqa davomida mustaqil ravishda o‘zaro «Fikrlar hujumi» o‘tkazadi. Shundan so‘ng har bir kichik guruh vakili o‘z guruhlarida ishlab chiqilgan g‘oya haqida axborot beradilar va o‘qituvchi rahbarligida jamoa bo‘lib unga baho beradilar va ulardan eng yaxshilari, betakrorlari tanlab olinadi. «Fikrlarning shiddatli hujumi» – destruktiv berilgan baho bilan dialog. Bu metod Ye.A.Aleksandrov tomonidan taklif qilingan. G.Ya.Bush tomonidan o‘zgartirilib yo‘lga qo‘yilgan Dialogning mohiyati shundaki, kollektiv bo‘lib g‘oyalar ishlab chiqishda ishtirokchilarning ijodiy imkoniyatlari faollashtiriladi va unga zid g‘oyalar qo‘yiladi. Mashg‘ulot bosqichma-bosqich quyidagi tarzda o‘tkaziladi: 1-bosqich. Miqdor va psixologik muloqoti jihatidan maqbul kichik guruhlarni shakllantirish; 2-bosqich. Vazifa, muammodan kelib chiqadigan maqsadlarni ifodalash; 3-bosqich. To‘g‘ridan-to‘g‘ri «Fikrlar hujumi» qoidasiga asosan har bir guruhda g‘oyalar ishlab chiqish; 4-bosqich. G‘oyalarni tartibga solish va tasniflash; 5-bosqich. G‘oyalarni destruktivlash, ya’ni amalga oshishi imkoniyatiga qarab baholash; 6-bosqich. Avvalgi bosqichlarda bildirilgan tanqidiy mulohazalarga baho berish.
 
 
2. «Tarmoqlar» metodi (Klaster) Fikrlarning tarmoqlanishi – bu pedagogik strategiya bo‘lib, u o‘quvchilarni biron bir mavzunni chuqur o‘rganishlariga yordam berib, o‘quvchilarni mavzuga taalluqli tushuncha yoki aniq fikrni erkin va ochiq ravishda ketma-ketlik bilan uzviy bog‘lagan holda tarmoqlashlariga o‘rgatadi.Bu metod biron mavzuni chuqur o‘rganishdan avval o‘quvchilarning fikrlash faoliyatini jadallashtirish hamda kengaytirish uchun xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, yaxshi o‘zlashtirish, umumlashtirish hamda o‘quvchilarni shu mavzu bo‘yicha tasavvurlarini chizma shaklida ifodalashga undaydi.
 
3. «Bumerang» texnologiyasi. Mazkur texnologiya bir mashg‘ulot davomida o‘quv materialini chuqur va yaxlit holatda o‘rganish, ijodiy tushunib yetish, erkin egallashga yo‘naltirilgan. U turli mazmun va xarakterga (muammoli, munozarali, turli mazmunli) ega bo‘lgan mavzularni o‘rganishga yaroqli bo‘lib, o‘z iChiga og‘zaki va yozma ish shakllarini qamrab oladi hamda bir mashg‘ulot davomida har bir ishtirokchining turli topshiriqlarni bajarishi, navbat bilan o‘quvchi yoki o‘qituvchi rolida chiqishi mumkin. «Bumerang» texnologiyasi tanqidiy fikrlash, mantiqni shakllantirishga imkoniyat yaratadi; xotirani, g‘oyalarni, fikrlarni, dalillarni yozma va og‘zaki shakllarda bayon qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Ta’lim bilan bir qatorda mazkur metod tarbiyaviy xarakterdagi qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi: - jamoa bilan ishlash mahorati; - muomalalik; - xushfe’llik; - ko‘nikuvchanlik; - o‘zga fikriga hurmat; - faollik; - rahbarlik sifatlarini shakllantirish; - ishga ijodiy yondashish; - o‘z faoliyatining samarali bo‘liShiga qiziqish; - o‘zini xolis baholash. Asosiy tushunchalar quyidagilar: Ochiq savollar – bu savollar muomala, so‘zlashuvni davom ettirishga imkon beradi. Ularga qisqa, bir xil javob berish mumkin emas. Yopiq savollar – bu savollar oldindan «ha» yoki «yo‘q» tipidagi to‘g‘ri, ochiq, javoblarni berishni ko‘zda tutadi. Ko‘ndalang so‘roq – bir-biriga guruhlab beriluvchi qisqa savollar qatori bo‘lib, bu o‘ziga xos axborotlar izlash hamda dalillarni, opponentlar pozitsiyasini aniqlash va muayyan qarorlar qabul qilish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ko‘ndalang so‘roq paytida munozaraga kirishish mumkin emas. Bu vaqtda faqat savollar beriladi, munozaraga kirishilmaydi.
 
 4. Tarozi» texnologiyasi. Mazkur texnologiya munozarali, murakkab mazmunli mavzularni o‘rganishda qo‘l keladi. U tanqidiy tafakkur, mantiq, ijodiy improvizatsiya, fikran tajribalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Bu texnologiya dalillash qobiliyatini rivojlantirish, o‘z dalillarini yozma va og‘zaki shaklda ishonchli va lo‘nda ifodalashni shakllantiradi, o‘z nuqtai nazarini himoya qiladi, muxoliflarni ishontiradi, munozara madaniyatiga o‘rgatadi. «Tarozi» texnologiyasi o‘quv materialini o‘rganishning turli bosqichlarida qo‘llanishi mumkin. Ammo u o‘tilgan materiallar bo‘yicha xulosa qilish bosqichida yuqori samara va natija beradi, Chunki o‘qiyotganlarning yuqori darajada xabardorliklarini va o‘rganilgan materiallardan erkin foydalanishini nazarda tutadi. Bu texnologiya kichik guruhlarda va jamoalar orasida amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Asosiy tushunchalar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: Mavzu turli nuqtai nazarlarning to‘qnashuviga imkoniyat beruvchi hamda ulardan birortasiga ham imtiyoz bermaydigan tasdiqdir. Mavzu shunday tanlanishi kerakki, u o‘rganilayotgan mavzuning barcha qirralarini ochishi, o‘quvchilarning axborot qidirish hamda izlanuvchanlik faoliyatlarini rag‘batlantirsin. Argument – bu o‘z nuqtai nazarini tasdiqlashga olib keluvchi asosli dalil, g‘oya, mulohazadir. Dalillash anik, mantiqiy, asoslangan bo‘lishi, faktlar, sharhlar, mulohazalar, isbotlar, misollar, iqtiboslar, manbalarga, obro‘li guvohnomalarga havolalar va boshqalar bilan quvvatlangan bo‘lishi kerak. Kontrargument (qarshi dalillash) – bu raqibning dalillarini rad etish bo‘lib, u dalillashga qo‘yiladigan talablarga mos kelishi kerak. To‘g‘ri tanlangan kontrargument raqibning nuqtai nazarini zaiflashtirishi hamda o‘zining himoya yoki rad etish chizig‘ini mustahkamlashi lozim. Ta’limdan tashqari mazkur metod tarbiyaviy xarakterdagi qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi: - rahbarlik sifatlarini shakllantirish; - o‘z shaxsini takomillashtirishga intilish; - faol hayotiy nuqtai nazarini shakllantirish; - o‘zga fikriga hurmat va toqat qilish; - jamoada ishlashni eplay olish; - murosali qarorga kela olish; - xushmuomalalik; - o‘z faoliyati natijalariga mas’ullik va qiziqish. 5. «Skarabey» texnologiyasi. «Skarabey» interaktiv texnologiya bo‘lib, u o‘quvchilarda fikriy bog‘liqlik, mantiq, xotiraning rivojlanishiga imkoniyat yaratadi, qandaydir muammoni hal qilishda o‘z fikrini ochiq va erkin ifodalash mahoratini shakllantiradi. Mazkur texnologiya o‘quvchilarga mustaqil ravishda bilimning sifati va saviyasini xolis baholash, o‘rganilayotgan mavzu haqidagi tushuncha va tasavvurlarni aniqlash imkonini beradi. U, ayni paytda, turli g‘oyalarni ifodalash hamda ular orasidagi bog‘liqliklarni aniqlashga imkon yaratadi. «Skarabey» texnologiyasi har tomonlama bo‘lib, undan o‘quv materialining turli bosqichlarini o‘rganishda foydalaniladi: - boshida – o‘quv faoliyatini rag‘batlantirish sifatida («Aqliy hujum»); - mavzuni o‘rganish jarayonida – uning mohiyati, tuzilishi va mazmunini belgilash; ular orasidagi asosiy qismlar, tushunchalar, aloqalar xarakterini aniqlash; mavzuni yanada chuqurroq o‘rganish, yangi jihatlarini ko‘rsatish; - oxirida – olingan bilimlarni mustahkamlash va yakunlash maqsadida. «Skarabey» texnologiyasi o‘quvchilar tomonidan oson qabul qilinadi, Chunki u faoliyatning fikrlash, bilish xususiyatlari inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. U o‘quvchilar tajribasidan foydalanishni ko‘zda tutadi, reflektiv kuzatishlarni amalga oshiradi, faol ijodiy izlash va fikriy tajriba o‘tkazish imkoniyatlariga ega. Mazkur texnologiyaning ayrim afzalliklari sifatida idrok qilishni yengillashtiruvchi chizma shakllardan foydalanishni ko‘rsatish mumkin. «Skarabey» alohida ishlarda, kichik guruhlarda hamda o‘quv jamoalarida qo‘llanishi mumkin. Ta’limdan tashqari mazkur metod tarbiyaviy xarakterdagi qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi: - o‘zgalar fikriga hurmat; - jamoa bilan ishlash mahorati; - faollik; - xushmuomalalik; - ishga ijodiy yondashish; - imkoniyatlarini ko‘rsatish ehtiyoji; - o‘z qobiliyati va imkoniyatlarini tekshirishga yordam beradi; -«men»ligini ifodalashga imkon beradi; - o‘z faoliyati natijalariga mas’ullik va qiziqish uyg‘otadi. Asosiy tushunchalari quyidagilar: Assotsiatsiya – mantiqiy bog‘liqlik bo‘lib, sezgilar, tasavvurlar, idrok qilish, g‘oyalar va boshqalar orasida hosil qilinuvchi mantiqiy aloqadir. Ranjirlash (muayyan tartib) – ahamiyati, muhimligi, mazmuni darajasiga qarab tartiblash. 6. «Yelpig‘ich» texnologiyasi Bu texnologiya murakkab, ko‘ptarmoqli, mumkin qadar, muammo xarakteridagi mavzularni o‘rganishga qaratilgan. Texnologiyaning mohiyati shundan iboratki, bunda mavzuning turli tarmoqlari bo‘yicha biryo‘la axborot beriladi. Ayni paytda, ularning har biri alohida nuqtalardan muhokama etiladi. Masalan, ijobiy va salbiy tomonlari, afzallik, fazilat va kamchiliklari, foyda va zararlari belgilanadi. Bu interaktiv texnologiya tanqidiy, tahliliy, aniq mantiqiy fikrlashni muvaffaqiyatli rivojlantirishga hamda o‘z g‘oyalari, fikrlarini yozma va og‘zaki shaklda ixcham bayon etish, himoya qilishga imkoniyat yaratadi. «Yelpig‘ich» texnologiyasi umumiy mavzuning ayrim tarmoqlarini muhokama qiluvchi kichik guruhlarning, har bir qantashuvchining, guruhning faol ishlashiga qaratilgan. «Yelpig‘ich» texnologiyasi mavzuni o‘rganishning turli bosqichlarida qo‘llanilishi mumkin: - boshida: o‘z bilimlarini erkin faollashtirish; - mavzuni o‘rganish jarayonida: uning asoslarini chuqur fahmlash va anglab yetish; - yakunlash bosqichida: olingan bilimlarni tartibga solish. Asosiy tushunchalar quyidagilar: Aspekt (nuqtai nazar) bilan predmet, hodisa, tushuncha tekshiriladi. Afzallik – biror narsa bilan qiyoslangandagi ustunlik, imtiyoz. Fazilat – ijobiy sifat. Nuqson – nomukammallik, qoidalarga, mezonlarga nomuvofiqlik. Xulosa – muayyan bir fikrga, mantiqiy qoidalar bo‘yicha dalildan natijaga kelish. Ta’limdan tashqari «Yelpig‘ich» texnologiyasi tarbiyaviy xarakterdagi qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi: - jamoa, guruhlarda ishlash mahorati; - muammolar, vaziyatlarni turli nuqtai nazardan muhokama qilish mahorati; - murosali qarorlarni topa olish mahorati; - o‘zgalar fikriga hurmat; - xushmuomalalik; - ishga ijodiy yondashish; - faollik; - muammoga diqqatini jamlay olish mahorati.
Make a free website with uCoz
Copyright lyceum3 © 2024